Cherreads

Chapter 35 - Oʻldirish.

Tashqarida osmon teshib yuborilgandek yomg'ir quyardi. Qora bulutlar orasidan chaqnagan momaqaldiroq cherkovning naqshinkor derazalarini yoritib yuborar, sovuq shamol esa qadimiy yog'och eshiklarni tirnardi.

Cherkov ichida esa g'ira-shira sham yorug'ligi va og'ir sukunat hukm surardi. Bu sukunatni eshikdan gandiraklab kirib kelgan, kiyimlari shalabbo bo'lgan mast odamning oyoq tovushlari buzdi.

"Kechirasiz, darhol bu yerni tark eting!" – qat'iy va baland ovoz yangradi.

Soyalar orasidan yosh ruhoniy chiqib keldi. Uning yuzi jiddiy, ko'zlarida esa g'azab uchqunlari bor edi. "Bu yer cherkov. Xudoning muqaddas uyi! Bu yerga mast holatda kirish og'ir gunoh sanaladi. Zudlik bilan chiqib keting!"

Mast odam gandiraklab, nam tortgan ustunlardan biriga suyandi. U ruhoniyning yosh yigit ekanligini ko'rib, xirillab kuldi.

"Hoy, yosh birodar... unday demang," dedi u tili aylanmay. "Tashqaridagi yomg'irni ko'rmayapsizmi? Tomchilari shunchalik og'irki, xuddi suyaklarimni ezib, majaqlab tashlaydiganga o'xshaydi. Meni shu bo'ronga haydab solasizmi?"

Ruhoniyning peshonasi tirishdi. "Bu yer siz uchun isinadigan yoki tomosha ko'rsatadigan maydon emas! Cherkovda ichish yoki mastlarni kiritish qatiyan taqiqlangan. Yaxshilikcha bu yerdan yo'qoling, bo'lmasa soqchilarni chaqiraman!"

Mast odam ketish o'rniga, iflos plashi ostidan bir narsani sug'urib oldi. Bu yaltiroq, hali qopqog'i ochilmagan qimmatbaho aroq shishasi edi.

"Hoy, shoshilmang..." mast kishi shishani sekin yosh ruhoniyning ko'z o'ngida qimirlatdi. "Bilasizmi... menda hali bitta butuni bor. Ochilmagan, sof va qizdiruvchi. Agar meni shu yerda, issiqda olib qolsangiz... buni siz bilan baham ko'raman. Ho'sh, nima deysiz? Rozimisiz?"

Yosh ruhoniyning nafasi bo'g'ziga tiqildi. U g'azablanib baqirishi, shishani sindirib tashlashi kerak edi. Ammo sovuq tun, charchoq va shaytoniy vasvasa ustun keldi. Ruhoniy jim qoldi. Uning ko'zlari shishaga qadalgan, lablari esa bir so'z demasdan, irodasi sinayotganini fosh qilib qo'ygan edi...

Bir necha soat o'tib...

Shu mash'um yomg'irli kunda, o'zining issiq va xavfsiz qasrida o'tirishni xohlamagan grafinya Batori ham cherkovga kelgan edi. Uning qora baxmal plashidan suv tomchilar, yuzidagi oppoq teri esa huddi jonsiz haykaldek muzdek va sovuqqon edi.

Cherkov huvillab yotardi. Batori hech kimga ko'rinmasdan, tovush chiqarmay tavba qilish xonasiga (eshituv xonasiga) yaqinlashdi va qalin parda ortiga, gunohkorlar o'tiradigan tor joyga kirdi.

Uning qarshisida ruhoniy va gunohkorni ajratib turuvchi panjarali taxta bor edi. Batori nozik va oqargan barmoqlari bilan yog'och tirqishni sekin taqillatdi.

"Janob ruhoniy... Janob ruhoniy, u yerdamisiz? Kimdir bormi?" – pichirladi Batori.

Narigi tomondan g'alati, og'ir xo'rsinish eshitildi.

"Hozir... hozir... sabr qiling," degan uzuq-yuluq, bo'g'iq ovoz keldi. Ketidan kimdir og'ir gavdasi bilan yog'och stulga o'tirgani, stulning esa azob bilan g'ijirlagani eshitildi.

Batori buning g'alatiligiga e'tibor bermadi. Uning ich-ichidan toshib kelayotgan telbavor istagi bor edi va buni oqlash uchun unga din peshvosining so'zlari kerak edi.

"Janob," deb gap boshladi Batori, uning ovozida zarracha ham pushaymonlik yo'q edi. "Mening uyimda bir yosh xizmatkor qiz bor. U bugun menga nisbatan hurmatsizlik qildi. Meni haqorat qildi. Men nima qilishni bilmay, ikkilanib qoldim... Sizdan maslahat va fotiha olish uchun keldim."

Narigi tomondan hech qanday javob bo'lmadi. Faqat og'ir nafas olish ovozi eshitilardi.

Ruhoniy o'zining muqaddas kitoblaridan iqtibos qidirib, chuqur o'yga toldi, deb o'yladi Batori. U fursatdan foydalanib, o'zi kutgan javobni olish va niyatini oqlash uchun asosiy maqsadga o'tdi.

"Bilasizmi, janob ruhoniy... Men yaqinda bir qadimiy kitobda o'qidim," Batorining ko'zlarida qorong'ulikda ham porlab turgan dahshatli uchqun paydo bo'ldi. "Unda aytilishicha... agar inson tanasiga yosh va toza qon tegsa, qon bilan yuvinsa... inson yosharar ekan. Go'zalligi abadiy bo'lar ekan. Shu sababli ham... men u xizmatkorni o'ldirish orqali yoshroq bo'lmoqchiman."

"O'ldirish" so'zini u shunchalik dadil, shunchalik sovuqqonlik bilan aytdiki, oddiy odamning qonini muzlatib yuborgan bo'lardi.

Panjara ortida esa o'lik sukunat cho'kdi. Keyin stul yana qisirladi.

"O'ldirish..." deb g'o'ldiradi narigi tarafdagi ovoz. Ovoz tili aylanmay, huddi alahsirayotgandek chiqardi. "O'ldirish... ba'zida... ba'zida o'ldirish eng to'g'ri qaror bo'ladi... hik... U... u insonni barcha muammolardan ozod qiladi... Xuddi mana bu... mana bunday yengillik kabi..."

Shishaning qultillab ichilgani va kimningdir tomoq qirib, rohat bilan xirillagani eshitildi. Ammo Batori bu tovushlarni eshitadigan holatda emas edi. Uning quloqlariga faqatgina "o'ldirish eng to'g'ri qaror" degan so'zlar kirdi.

Batorining yuziga tabassum yugurdi. Uning telbavor qarori endi "Xudoning xizmatkori" tomonidan tasdiqlangan edi.

"Men buni bilar edim. Tashakkur sizga, janob ruhoniy," dedi Batori o'zini oqlangan va ilohiy huquqqa ega deb hisoblab.

U yengil qadamlar bilan o'rnidan turdi-da, xizmatkorining qoniga cho'milish va "yosharish" ishtiyoqida cherkovni tezda tark etib, o'z qasriga yo'l oldi.

Cherkovning qorong'i, xilvat eshituv xonasida esa... Xudo bilan gaplashishi kerak bo'lgan muqaddas joyda, bo'm-bo'sh shishani quchoqlagan mast ruhoniy aroq hidi anqib, uxlab yotar edi. U hozirgina o'zining mastona g'o'ldirashi bilan qanday dahshatli qirg'inga eshik ochib berganini bilmasdi ham.

More Chapters