Qoʻrquv faqat qon toʻkish orqali shakllanmaydi. Uning asosiy shakli odamlarga miya orqali kiradi va eng kuchli taʼsir qiladi.
Abduazim Abdupattoyev.
— Iltimos xonim… bunday qilmang…
— Meni kechiring, xonim…
— Xonim…
Xona qorongʻu edi. Sham yoqilmagan. Faqat derazadan kirayotgan xira tungi yorugʻlik pol ustida oqarib yotar edi. Qalin pardalar tortilgan, shuning uchun tashqaridan ichkarini koʻrishning iloji yoʻq. Havo ogʻir. Deraza yopiq boʻlsa ham ichkarida dimlik seziladi.
Yerda bir goʻzal ayol yotar edi. Uning sochlari polga yoyilgan, qoʻllari bir tomonga osilib tushgan. Uning tepasida esa Yelizaveta turardi. Yosh va qora sochlari yuziga tushib, soyalar ichida yanada qoramtir koʻrinardi. Nafasi tez. Koʻkragi tez-tez koʻtarilib tushardi.
Uning oʻng qoʻlida uzun oshxona pichogʻi. Metall sovuq, ammo tigʻi hali nam. Qoʻlida mayin titroq bor. Bilinmaydigan, lekin bor.
Xonada sukunat qalin edi. Faqat uzoqdan — saroy yoʻlaklaridan kelayotgan xira qadam tovushlari. Bu xona esa boshqa dunyodagidek ajralgan.
Batori pichoqni qoʻlidan tashladi.
Metall polga urilganda qattiq jarang chiqdi. Ovoz tor xonada aks-sado berdi. Pichoq yerda hosil boʻlgan quyuq, qoramtir koʻlmak ustiga tushdi. Sirt sirpanchiq edi, pichoq biroz sirgʻalib toʻxtadi.
Batori bir necha soniya jim turdi. Koʻzlari yerga qadalgan. Nafasi asta-sekin tinchiy boshladi.
— Bu barchasi… ruhoniy aytganidek ketmoqda… — dedi u past ovozda.
Xonadagi havo sovuq. Deraza oynasi ichkaridan bugʻlangan. U yerda kimdir nafas olgandek iz qolgan.
— Agar men oxirgi ishni ham amalga oshirsam… — uning ovozida hayajon bilan aralash ishonch bor edi. — Men eng goʻzal ayolga aylanaman. Hech kim… goʻzallik bobida menga teng kela olmaydi.
Uning yuzida gʻalati tabassum paydo boʻldi. Ammo koʻzlarida charchoq bor edi. Va nimadandir qoʻrqayotgandek chuqur, ichki bezovtalik.
1 oy oldin.
Xizmatchilar qasri kir yuvish xonasi sovuq edi. Devorlar nam, pol tosh. Ulkan tosh ustiga hoʻl kiyimlar yoyilgan. Suv muzdek. Ayollarning qoʻllari qizarib ketgan, barmoqlari yorilib, suv tegsa achishardi.
Bir xizmatchi qoʻlidagi kiyimni toshga urib gap boshladi:
— Hoy, eshitdinglarmi? Qasrga yangi xizmatchi keldi.
Suv sachradi. Toshga urilgan mato tovushi xonada jarangladi.
— Aytishlaricha, juda chiroyli qiz ekan. Tenggi yoʻq emish. Kelganiga koʻp boʻlmasdan bir nechta yigitdan gul olibdi, deyishyapti.
Ikkinchi xizmatchi egilib chelakdagi suvni almashtirdi.
— Ha, eshitdim. Ammo kambagʻal oiladan ekan. Ilmi bor emish, lekin joy topolmapti.
Ularning ovozlari past, lekin qiziqish aralash edi. Xonada bugʻ koʻtarilib, deraza oynasi oqarib ketgan.
Yana bir xizmatchi kiyimlarni bir chetga tashlab, tezda soʻradi:
— Batori xonim qanday kutib oldi uni? Yoqdimi?
Birinchi xizmatkor atrofga qarab, ovozini yanada pasaytirdi:
— Eshitishimcha… yoqmabdi. Qiz juda muloyim ekan. Balki shu sabab. Yoki… — u biroz toʻxtadi — balki Batori xonimdan ham chiroyliroqdir.
Bir necha soniya sukut.
Soʻng yengil, qisqa kulgi.
— Xonim chiroyli qizlarni koʻrsa… oʻzini ushlab tura olmaydi.
Ular yana ishiga qaytishdi. Suv tovushi. Matoning toshga urilishi. Sovuq xonada gaplar esa uzoq turmaydi — lekin iz qoldiradi.
Bu vaqtda Batori kutubxonada edi.
Kutubxona keng. Javonlar shiftgacha yetgan. Yogʻoch hidi va eski qogʻoz isi aralashib ketgan. Deraza oldida kichik stol. Stol ustida sham yonib turibdi. Sham alangasi barqaror, ammo ba'zan deraza tirqishidan kirgan sovuq havo sabab engil titraydi.
Tashqarida qor yogʻmoqda. Qor donalari sekin tushib, deraza tokchasida yigʻilib boradi. Yoʻlakdan oʻtayotgan odamlarning qadam tovushlari qor ustida bosilganda boʻgʻiq eshitiladi.
Ichkarida bir necha kishi bor. Kimdir kitob varaqlayapti. Kimdir qoʻllarini yeng ichiga yashirib oʻtirgan. Sovuq seziladi, lekin tashqaridan yaxshiroq.
Batori oyna oldida oʻtirgan. Qoʻlida tabiat haqidagi kitob. U boshini biroz egib oʻqiydi. Yuzida sokinlik. Ammo barmoqlari sahifa burchagini keragidan ortiq siqib ushlab turadi.
Yonidagi xizmatkor past ovozda:
— Xonim, bir necha kundan beri kitob oʻqiyapsiz. Bu juda ajoyib. Xohlasangiz choy olib kelaymi?
Batori sahifani belgilab, boshini koʻtardi.
— Ha, olib kel. Bu kitob bosh ogʻritar ekan.
Xizmatkor chiqib ketdi. Eshik ochilganda sovuq havo bir lahza ichkariga kirib, sham alangasini tebratdi.
Batori esa kitobni biroz koʻtardi.
Pastida kichikroq kitob bor edi. Muqovasi oddiy, rangsiz. Yaqindan qaralsa yozuv koʻrinadi: "Abadiy yoshlik sirlari".
U kitobni tez yopdi.
Kutubxonada odamlar koʻpaygan edi. Kimdir hurmat bilan egildi. Kimdir faqat nigoh tashlab oʻtdi.
Batori oʻrnidan turdi. Kursi yogʻoch pol ustida sekin gʻijirladi.
Saroyga qaytgach, yoʻlaklarda shamlar yonib turardi. Marmar zinadan qadam tovushi aniq aks-sado berardi. Xizmatkorlar ikki tomonda saf tortib turishgan.
Ular orasida yangi kelgan xizmatkor ham bor edi.
U boshini egib turardi. Yorugʻlik yuziga tushganda terisi oqarib, silliq koʻrinardi. Sochlari tartibli yigʻilgan. Harakati sokin.
Askarlardan biri unga qisqa qarab qoʻydi. Yana boshini burdi.
Batori esa buni sezdi.
Nigohi bir lahza qiz ustida toʻxtadi. Soʻng sovuq ifoda bilan oldinga yurdi.
Ichkarida havo issiqroq, lekin bosimli. Goʻyo devorlar ichida nimadir siqilib yotgandek.
Batori zinadan koʻtarilib ketayotib dedi:
— Meni faqat muhim holatda bezovta qiling. Xonamga soʻroqsiz kirmang.
Uning ovozi baland emas edi. Ammo yoʻlak jimib qoldi.
Sham alangasi devorga tushgan soyani choʻzdi.
Va hamma bilardi — saroy ichidagi sovuq faqat qishdan emas.
