Kech kirgan edi.
Qasr osmoni kulrang tusga kirgan, uzoqda bulutlar pastlab osilib turardi. Havo sovuq, lekin shamolsiz. Darvoza yonida ertalabdan beri navbatchilik qilgan askar zirhining ogʻirligini yelkasida sezib, sekin esnadi. Koʻzlari qizarib ketgan. Qoʻlidagi nayzani bir qoʻlidan ikkinchisiga oʻtkazib, tungi askar bilan smena almashdi. Temir zirhlar bir-biriga tegib, past va sovuq jarang chiqardi. Qadam tovushlari tosh yoʻlakda aniq eshitildi.
Saroy ichida esa sukunat hukm surardi.
Batori xonasida edi. Xona keng, devorlari qalin. Burchaklarda shamlar yonib turardi. U kravatida yonboshlab yotar, bir tirsagi bilan yostiqqa suyangan. Sochlari yelkasiga tushgan. Qoʻlidagi kitobni shu qadar diqqat bilan oʻqir ediki, goʻyo undagi har bir satrni oʻzi yozgandek.
Sahifa aylantirilganda qogʻozning mayin shildirashi eshitilardi. Xona ichida boshqa ovoz yoʻq. Faqat ba'zida sham alangasi qimirlab, devorga tushgan soyani titratardi.
Bir payt eshik taqilladi.
Taq… taq…
Batori seskanib ketmadi, lekin nigohi keskinlashdi. Kitobni bir harakat bilan yopdi. Muqovadagi yozuv bir lahza koʻrinib, yana yoʻqoldi. U tezlikda kitobni toʻshagi tagiga surib yubordi. Matoning yerga ishqalangan tovushi eshitildi.
— Xoʻsh, bu kim? — ovozi sovuq.
— Menman, Batori xonim… yangi xizmatchi.
Ovoz yosh, biroz tortinchoq.
— Nega kelding?
— Sizni ovqatga chaqirgani keldim, xonim. Ovqat tayyor.
Bir necha soniya jimlik.
— Yaxshi. Boraver. Men hozir chiqaman.
Qadam tovushlari uzoqlashdi. Yoʻlakdagi sham yorugʻi eshik tagidan chiziq boʻlib koʻrinar, keyin u ham yoʻqoldi.
Kechki ovqat oldi.
Uzoq stol usti oppoq dasturxon bilan qoplangan. Kumush idishlar sham yorugʻida yaltirar edi. Tobida pishgan tovuq goʻshti, ziravor hidi butun zalga taralgan. Issiq bugʻ koʻtariladi. Yonida turli taomlar — pishiriqlar, mevalar, qalin souslar.
Shisha idishda esa toʻq qizil sharob. Yorugʻlik tushganda u deyarli qon rangida koʻrinadi. Shishaga yopishtirilgan marka uning qimmat ekanini bildiradi.
Batori yuqoridan zinadan tushib keldi. Qadam tovushlari marmarda aks-sado berdi. U yagona stulga oʻtirdi. Toʻrt xizmatkor ikki tomonda tik turibdi. Ularning qoʻllari oldida birlashgan. Nigohlari pastga qadalgan.
Bu dasturxon — Batori uchun oddiy kechki ovqat. Ammo uning ortida turgan toʻrt xizmatkor uchun bu necha oylik mehnat bahosi.
Zalda sukunat. Faqat pichoq bilan likopchaga tegadigan mayin tovush. Batori zodagon odobi bilan, shoshilmay, har bir harakatni oʻlchab bajarardi. Orqasi tik, harakati nazokatli.
Bu kim uchundir namoyish emas. Bu odat. Zodagonlar shunday yashaydi.
Yangi xizmatkor qiz esa bir chetda turibdi. Koʻzlari bir lahza dasturxondagi taomlarga tushdi. Issiq bugʻ, ziravor hidi, toʻq rangli sharob — bularning bari uning kundalik hayotida yoʻq narsalar. Bir zumga hayoli uzoqqa ketdi.
Shu onda Batori ovoz chiqardi.
— Koʻrinishidan tovuq biroz xom boʻlib qolgan koʻrinadi.
U yonidagi sharobga qaradi. Idishdagi suyuqlik toʻq qizil. Sham yorugʻida yanada quyuq koʻrinadi.
— Bu sharob… oldingilariga oʻxshamaydi.
Nigohi keskinlashdi.
— Zodagon ayolga qon rangli sharbat olib kelish…
U stolga qoʻli bilan zarba berdi.
Kumush idishlar jiringladi. Sham alangasi titradi. Xizmatkorlardan biri seskanib ketdi.
— Hoy! Kim bu ishni qildi?!
Kiyimi tartibli, boʻydor bosh xizmatkor oldinga chiqdi. Uning yuzida qoʻrquv ochiq koʻrinib turardi. Ovozi titradi.
— Xonim… bu men emas. Buni bizga yangi kelgan xizmatchi maslahat berdi. U aytishicha, sizga yoqar ekan. Shu sababli…
Gap oxirida ovozi yanada pasaydi.
Zalda yana sukunat choʻkdi.
Sham alangasi sekin tebranadi. Sharob idishidagi qizil suyuqlik esa jim turib, yorugʻlikni oʻzida yutayotgandek koʻrinardi.
